1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Siyosat

YTTB ishtirokidagi loyihalarning qiymati 4 mlrd yevrodan ortiqni tashkil etadi

Samarqand shahrida YTTB Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

YTTB ishtirokidagi loyihalarning qiymati 4 mlrd yevrodan ortiqni tashkil etadi

 

Bugundan Samarqand shahrida YTTB Boshqaruvchilar kengashining «Muvofiqlikka sarmoya kiritish» mavzusidagi 32 yillik yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. Tadbirga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish doirasida 2022 yil iyun oyidan 2023 yil mart oyigacha YTTB ishchi guruhining protokol, logistika va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 5 ta tashrifi tashkil etildi. Yillik uchrashuv va biznes-forum 2000 dan ortiq yuqori martabali davlat amaldorlari, moliyaviy va korporativ rahbarlar, fuqarolik jamiyati vakillari va global ommaviy axborot vositalarini birlashtiradigan dinamik tadbirlar va panel muhokamalaridan iborat. Tadbir, shuningdek, YTTBning o‘tgan yil davomida erishgan yutuqlarini ko‘rib chiqish va kelajak rejalarini belgilash imkoniyatini beradi. Biznes forumning asosiy mavzusi barqarorlikka sarmoya kiritish hisoblanadi. Tadbirning uch kunlik kun tartibidan turli mavzularda ekspertlar ishtirokida bir qator muhokama sessiyalari o‘rin olgan.

 

O‘zbekistonning YTTB bilan munosabatlari

 

O‘zbekiston 1992 yil 30 aprelda YTTBga aʼzo bo‘lgan. Respublika YTTBning Shveysariya guruhiga kiradi, unga Shveysariya, Ukraina, Lixtenshteyn, Turkmaniston, Serbiya, Chernogoriya va Moldova kiradi. 1993 yil may oyida Toshkentda bank vakolatxonasi ochilgan, 2019 yil oktabr oyida – Andijonda, 2021 yil iyunda – Urganchda o‘z ish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Bugungi kunga kelib, respublikada YTTB ishtirokida loyihalarning umumiy qiymati 4 mlrd yevrodan ortiqni tashkil etadi. Ularning soni esa 129 taga yetgan. Shu bilan birga, ularning 70 tasi (2,3 mlrd yevrodan ortiq) 2017 yildan buyon amalga oshirildi. YTTB 2022 yilda loyihalarga 839 million yevro ajratdi, bu esa 2021 yilga nisbatan 30 foizga ko‘pdir. Respublika 3 yil davomida Markaziy Osiyoda YTTB moliyalashtirish bo‘yicha yetakchi bo‘lib kelmoqda. Bank O‘zbekistondagi faoliyatida davlat korxonalari va banklarini o‘zgartirish va xususiylashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yashil rivojlanish loyihalarini, energetika va transportni qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ayollar va yoshlar tadbirkorligi dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Xususan, YTTB ishtirokida vazirlik va idoralar tomonidan «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun ishlab chiqildi. Bank Buxoro viloyatida umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasini qurish uchun 520 million dollar ajratdi. YETTB Sarimay va Jankeldi qishloqlari o‘rtasida uzunligi 120 km bo‘lgan yuqori voltli yelektr uzatish liniyasini qurishda ham ishtirok etmoqda.

 

YTTB haqida nimalarni bilamiz?

 

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki xalqaro moliya instituti hisoblanib, 1991 yilda tuzilgan. Bosh qarorgohi London shahrida joylashgan. Asosiy maqsad mamlakatlarga bozor iqtisodiyotiga o‘tishga yordam berish, ularni jahon xo‘jalik hamjamiyatiga integratsiyalashuvi, tarkibiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, shu jumladan monopoliyadan chiqarish, markazsizlashtirish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish. YTTB tashkil etilganidan beri umumiy qiymati 180 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan 6500 dan ortiq loyihalarni amalga oshirdi. YTTBning oliy boshqaruv organi – Boshqaruv kengashi bo‘lib, u o‘z vakolatlarining katta qismini bank faoliyatining strategik yo‘nalishi uchun masʼul bo‘lgan Direktorlar kengashiga topshiradi. Direktorlar kengashiga YTTB prezidenti boshchilik qiladi. Amaldagi prezident Fransiya fuqarosi Odil Reno-Basso bo‘lib, u 2020 yil iyul oyida lavozimga kirishgan. Bankning ustav kapitali 30 milliard yevroni tashkil etadi. YTTB o‘z obligatsiyalarini xalqaro moliya bozorlarida chiqarish orqali mablag‘ jalb qiladi. Bugungi kunga kelib, bank faoliyati Markaziy va Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo, MDH, Janubiy va Sharqiy O‘rta Yer dengizining 35 ta davlati va Mo‘g‘ulistonni qamrab oladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика