Yangi yil kirib kelishiga ham oz fursat qoldi. O‘tayotgan har bir daqiqa sizu bizni yangi 2022 yil tomon tobora yetaklayapti. Yangi yil bayrami shukuhi o‘zgacha va sehrli. Bu bayramni kattayu-kichik intizorlik bilan kutadi. Aksariyat insonlar bu bayramni oila davrasida kutib olsa, boshqalar do‘stlar davrasida, yana ko‘pchilik esa sayohatda kutib olishni xush ko‘radi. Xo‘sh, bu yilgi bayramni o‘zbek shou-biznesi vakillari qanday va qayerda kutib olishni rejalashtirmoqda. Biz ularni suhbatga tortdik.
Bu yil ko‘plab yutuqlarga erishgan Oybek va Nigora juftligi Yangi yilni oila davrasida kutadi

— Yangi yil bayramini doimgidek oila davrasida kutib olamiz. Qayerda nishonlansa ham oilasi bilan birga bo‘lgani yaxshi.Chunki bu oilaviy bayram.
Biz uchun bu yil ijodda ham shaxsiy hayotda ham judayam serhosil bo‘ldi. Oilamizga yana bir aʼzo qo‘shildi — qizaloqli bo‘ldik. Ijodimizda ham yangiliklar ko‘p bo‘ldi. Muxlislarimizga juda ko‘p qo‘shiq va kliplar tuhfa etdik. Bundan buyog‘iga ham ijoddan to‘xtash niyatimiz yo‘q. Kelasi yil yanayam dilga yaqin qo‘shiqlar va kliplarni taqdim etamiz. Yangi konsert dasturini taqdim etish niyatimiz ham bor.
Kelayotgan yilda barchaning o‘ylagan orzu-niyatlari ushalsin. Barcha oilalarga keng rizq, qut-baraka tilaymiz. Barchaga sevib-sevilib yurish nasib etsin!
Yigitali va Muqaddas 2021 yildan minnatdor

Yangi yil kirib kelishini har bir yurtdoshimiz o‘z oilasi davrasida, to‘kin dasturxon atrofida qarshi oladi. Biz ham bayramni oila davrasida nishonlaymiz. Bayram dasturxoniga o‘zimiz taom pishiramiz. 1 dekabr kuni esa ota-onamizni ko‘rgani boramiz. Tabiiyki, bu bayramni archasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Menimcha, har bir oilada Yangi yil bayrami shunday kutib olinsa kerak. Albatta, archa tagiga farzandlarimiz uchun sovg‘alar qo‘yishni yoddan chiqarmaymiz. Yangi yilning zavqi ham aynan shunda.
Biz turmush qurganimizdan keyin asal oyini nishonlamagan edik. Shu yili Sharm-el-Sheyxga bordik. Asal oyini nishonlab keldik. Yana bir bir yangilik. Yaqinda o‘zimiz istagan o‘zimiz yoqtirgan katta uyga ko‘chib o‘tdik. Yangi yilni shu uyimizda nishonlaymiz.
Kelayotgan yilda esa ulkan maqsadlarni oldinga qo‘yganmiz. Oilaviy biznes boshlash arafasidamiz.
Oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan juftliklar xonanda Rayhon G‘aniyeva va Farxod Alimovlar ham bayramni oila hamda do‘stlar davrasida nishonlashni rejalashtirmoqda

— 2021 yil biz uchun qaysidir maʼnoda omadli yil bo‘ldi, — dedi Farhod Alimov. — Ijodda ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Kelgusi yilda ushbu yo‘nalishni yana-da kengaytirmoqchimiz. Rejalarimiz katta, maqsadimiz aniq.
Yangi yil bayramini oila davrasida kutamiz. Farzandlarim va rafiqamga sovg‘a tayyorlab qo‘yganman. Buni Rayhon bilmaydi.
Munojat Valiyeva


