Zaporojye AESning oltinchi bloki yakshanbaga o‘tar kechasi to‘xtatildi. U stansiyada ishlab kelayotgan yagona energoblok edi.
Zaporojye viloyatining rossiyaparast ma’muriyati vakili Vladimir Rogovning so‘zlariga ko‘ra, u mahalliy vaqt bilan 03:45 da to‘xtatilgan. AESning beshinchi bloki avariyaviy holatda bo‘lgani uchun avvalroq ishdan chiqqandi.
Rossiya tomoni bunga Ukraina harbiylarining doimiy ravishda o‘t ochishini sabab qilib ko‘rsatgan.
Zaporojye viloyati harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Yevgeniy Baliskiy bu mа’lumotlarni tasdiqlab, AES faoliyati butunlay to‘xtatilishi mumkinligini ham inkor etmadi.


