Dunyoning nufuzli axborot nashrlaridan biri — CNN Arabic sahifasida 2026-yilgi “Insoniy birodarlik bo‘yicha Zayed mukofoti”ga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi. Unda mazkur mukofotning global tinchlik, bag‘rikenglik va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishdagi muhim o‘rni keng yoritilgan.
Ta’kidlanishicha, “Zayed” mukofoti shunchaki ramziy e’tirof bo‘lib qolmay, turli din va madaniyat vakillarini umumiy insoniy qadriyatlar atrofida birlashtiruvchi nufuzli xalqaro platformaga aylangan.
Mazkur mukofot 2019-yilda Abu-Dabi shahrida Rim papasi Fransisk va Al-Azhar imomi Ahmad al-Tayyib tomonidan imzolangan “Insoniy birodarlik hujjati” sharafiga ta’sis etilgan bo‘lib, bugungi kunda u global miqyosda tinchlikparvarlik tashabbuslarining muhim tayanchiga aylangan.
2026-yilgi taqdirlash marosimi doirasida ochlikka qarshi kurash, ta’limni rivojlantirish, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasida samarali faoliyat olib borayotgan shaxslar va tashkilotlar e’tirof etildi. Maqolada qayd etilishicha, mukofot fondi insoniyatning eng zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilmoqda.
Shuningdek, maqolada bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda insoniy birodarlik, o‘zaro hurmat va birdamlik g‘oyalari global muammolarni hal etishning eng muhim omili ekani alohida ta’kidlangan. Mukofot buyuk davlat arbobi Shayx Zayed bin Sulton Ol Nahayonning bag‘rikenglik va saxovatga asoslangan merosini izchil davom ettirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, maqola Zayed mukofoti Bosh kotibi Muhammad Abdussalom hamda mukofot hakamlar hay’ati a’zosi, Markaziy Osiyodan ilk va yagona vakil — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva muallifligida tayyorlangan.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston uchun tinchlik, bag‘rikenglik va dinlararo totuvlik g‘oyalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ushbu mukofot ilgari surayotgan tamoyillar mamlakatimiz qadriyatlari bilan mushtarakdir.


