AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yaqin vaqt ichida amaliy choralar ko‘rmasa, tinchlikka erishish imkoniyati qo‘ldan boy berilishi mumkinligini maʼlum qildi. Bu haqda DW nashri xabar berdi.
AQSH rahbari Oq uyda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Rossiya kelishuvga erishishga qiziqish bildirayotganini taʼkidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina rahbariyati ham tinchlik jarayoni bo‘yicha faol harakat qilishi lozim.
“Rossiya kelishuvga erishmoqchi. Zelenskiy harakat qilishi kerak. Aks holda, u muhim imkoniyatni qo‘ldan boy berishi mumkin”, — degan AQSH prezidenti.
AFP agentligi Trampning ushbu bayonotini Myunxen xavfsizlik konferensiyasi fonida bergan izohlari bilan bog‘liq holda keltirgan.
Shuningdek, jurnalistlarning xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha savollariga javob berar ekan, AQSH rahbari mamlakatining NATO bilan munosabatlari yuqori darajada ekanini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, alyansga aʼzo davlatlar rahbarlari bilan yaqin aloqalar saqlanib qolmoqda.
DW xabariga ko‘ra, AQSH tomoni Rossiya bilan tinchlik kelishuviga erishish imkoniyatlarini muhokama qilish zarurligini taʼkidlamoqda.
Oldinroq AQSH, Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi bosqichi fevral oyining o‘rtalarida Jenevada o‘tkazilishi rejalashtirilgani haqida maʼlumot berilgandi. Avvalroq o‘tkazilgan muzokaralar esa sezilarli natija bermagan.


