Vladimir Zelenskiy Ilon Maskni Ukrainaga taklif qildi. Bu haqda u The New York Times DealBook Summit konferensiyasidagi chiqishida maʼlum qilgan.
"Agar Rossiya Ukrainada nima qilganini anglamoqchi bo‘lsangiz, bu yerga keling va hammasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz. Shundan keyin urushni qanday va qachon tugatish kerakligini aytasiz", — degan Ukraina yetakchisi Maskka qarata.
Oktyabr boshida milliarder qurolli mojaroni tugatish bo‘yicha o‘z rejasini taklif etgandi. Unga ko‘ra, Rossiya egallab olgan hududlarda referendum o‘tkazilishi, Qrim RF tarkibida qolishi, Ukraina neytral davlat bo‘lib qolishi nazarda tutilgandi. Aks holda Mask yadro urushi boshlanishidan ogohlantirgan. Bu reja ukrain hukumatining keskin noroziligiga sabab bo‘lgandi.


