Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarni Quddusda o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Yakshanba kuni Zelenskiy Isroil parlamentida nutq so‘zlagandi. 21 mart kuni tongda eʼlon qilingan videomurojaatda esa Ukraina yetakchisi Quddusda muzokara o‘tkazishni taklif qildi.
“Isroil bosh vaziri, janob Bennet Rossiya bilan muzokaralar yo‘lini izlamoqda. Biz Rossiya bilan gaplashish imkonini beruvchi har bir harakatdan minnatdormiz. Balki bu Quddusda bo‘lar. Bu tinchlik qidirish uchun yaxshi shahar”, – degan u.
12 mart kuni ham Zelenskiy Quddusni Putin bilan uchrashish uchun taklif qilgandi.
Аvvalroq Zelenskiy rossiyalik hamkasbi bilan Turkiyada muzokara o‘tkazishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.


