Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yaponiya parlamentiga virtual murojaatida qonunchilarni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni davom ettirishga chaqirdi.
Bu haqda AP xabar bermoqda.
Zelenskiyning nutqi yuzlab deputatlar, jumladan, Bosh vazir Fumio Kisida bilan gavjum bo‘lgan parlament zalida jonli efirda namoyish etildi.
Zelenskiy Yaponiyani Rossiyaga sanksiya qo‘ygan birinchi Osiyo davlati bo‘lganini olqishladi va Tokiodan yana-da uzoqroqqa borishni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bilan savdo-sotiqni taqiqlash va xorijiy kompaniyalar o‘z sarmoyalarining Rossiyaga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Shuningdek, Kiyev rahbari Rossiyaning yadroviy va kimyoviy qurollardan foydalanish ehtimoli haqida ham xavotirda ekanini maʼlum qilgan.
Yaponiya tomon Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bildirib, ukrainalik qochqinlarni qabul qilishga vaʼda berdi.
Shu haftada Rossiya Tokio sanksiyalariga asoslanib, bahsli Kuril orollari bo‘yicha Yaponiya bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatib, u yerdagi qo‘shma iqtisodiy loyihalardan chiqishini eʼlon qildi.


