Hukumatning 2026 yil 9 fevraldagi 48-son qarori bilan “Zo‘ravonlikdan jabrlangan, zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan hamda ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy xizmatlarni tashkil qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizomga ko‘ra, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy xizmatlar himoya qilish rejasi asosida ko‘rsatiladi. Ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar va oilalar uchun esa individual integratsiya rejasi asosida xizmatlar tashkil etiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va ularning oilalariga quyidagi shakllarda xizmatlar ko‘rsatiladi:
— 6 oygacha qisqa muddatli ijtimoiy xizmatlar;
— 1 yilgacha uzoq muddatli ijtimoiy xizmatlar;
— 1 yilgacha tunu-kun ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar;
— bolalar va ularning oilalari uchun “Mehrli oila” xizmati.
Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish istagini bildirgan yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki yuridik shaxslar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchilarning yagona reestriga kiritilishi lozim.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun talabgor tomonidan so‘rovnoma to‘ldiriladi va u 10 ish kuni ichida belgilangan talablarga muvofiqligi bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Jumladan, kamida 2 nafar psixoijtimoiy mutaxassis mavjudligi, ularning kamida 1 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi hamda tibbiy maʼlumotnomasi bo‘lishi, shuningdek bino va inshootlarda sanitariya talablariga rioya qilinganligi o‘rganiladi.
So‘rovnoma tasdiqlangach, talabgor yagona reestrga kiritiladi va bu haqda uning shaxsiy kabinetiga elektron xabarnoma yuboriladi.


