1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Zoyir Mirzayev mutasaddilarning bahonalarini qabul qiladimi?

Toshkent viloyatida baʼzi loyihalarga ajratilgan mablag‘lar reallikdan yiroq, oshirib ko‘rsatilgani aniqlandi.

Zoyir Mirzayev mutasaddilarning bahonalarini qabul qiladimi?

 

O‘tgan yili Toshkent viloyatida 96 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, jumladan, 45 tasi Investitsiya dasturi, 22 tasi "Obod mahalla" dasturi bo‘yicha va qolgani hukumatning tegishli qarorlari ijrosi doirasida qurilib, taʼmirlanishi lozim edi. Buning natijasida 57 ta qo‘shimcha bino qurilishi va 7 ming 724 nafar bola uchun yangi o‘rinlar yaratilishi ko‘zda tutilgandi. Biroq turli vaj va sabablarga ko‘ra haligacha 53 ta obyektda qurilish yakuniga yetkazilmagan.

 

Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev raisligida maktabgacha taʼlim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishda ayni yo‘nalishdagi ishlar qoniqarsiz ekani tanqid qilindi

 

Taʼkidlanganidek, viloyatda bog‘cha yoshidagi (3-7 yoshli) bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olishni 69 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Biroq hanuzgacha belgilangan maqsadga erishilmayapti. Hokim bu masalaga ham jiddiy eʼtibor qaratib, mutasaddilarga qatʼiy topshiriqlar berdi.  

 

Onlayn tarzda tashkil etilgan yig‘ilishda har bir tuman-shaharda foydalanishga topshirilishi kechikayotgan qurilish obyektlarining sabablari o‘rganildi.

 

Aniqlanishicha, baʼzi loyihalarga ajratilgan mablag‘lar reallikdan yiroq, oshirib ko‘rsatilgan, yoki o‘z vaqtida ajratilmagan. Aksar holatlarda qurilish tashkilotlari ish jarayonida sustkashlik va o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘yilgan.

 

Bu ko‘zbo‘yamachiliklarga Zoyir Mirzayev jim qarab o‘tirmadi. Bunyod etilishi lozim bo‘lgan har bir obyekt bo‘yicha tuman-shahar hokimlari, qurilish va loyihachi tashkilotlar vakillari bilan birma-bir gaplashib, masalaga oydinlik kiritdi. Aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari masalaga huquqiy baho berishlari lozimligi aytildi.

 

Shuningdek, mutasaddi rahbarlarga bog‘chalar qurilishida zamonaviy, tejamkor va sifatli texnologiyalarni qo‘llash, mahalliy xomashyodan foydalanish, bolalarga qulaylik yaratish borasida zarur takliflar ishlab chiqish talabi qo‘yildi. Bu ishlarga masʼul bo‘lgan hokimlarning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari javobgarligini oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

 

Mazkur yig‘ilishdan mutasaddilar yetarli xulosa olgani va mavjud vaziyatni o‘nglash uchun barcha tezkor choralar ko‘rilishini bildirdi. Demak, inkor etib bo‘lmaydi: tahlil chuqur, tanqidlar o‘rinli, kamchiliklar asosli. O‘z navbatida, vaziyat yaxshilanmaguncha bu masala kun tartibida. Biroq Zoyir Mirzayev qurilish masalalari bo‘yicha mutasaddilarning bahonalarini qabul qildi. Qaysidir maʼnoda ularga imkon berdi. Lekin topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmagan yoki xatoga yo‘l qo‘ygan xodimlarga chora ko‘rilgan yoki ko‘rilmagani haqida hech qanday maʼlumot berilmagan.

 

Yig‘ilishdagi vaʼdalar qay darajada bajarilishini vaqt ko‘rsatadi.  

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика