Oliy taʼlim, fan va innovasiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov abituriyentlar test natijalari maʼlum bo‘lganidan so‘ng yo‘nalishlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u yangi o‘quv yiliga oid o‘zgarishlarga bag‘ishlangan suhbatda maʼlum qildi.
Abdurahmoning aytishicha, kelgusi yillarda OTMlarga qabul jarayonida bir qator o‘zgarishla bo‘lishi kutilmoqda
«Abituriyent o‘qishga hujjat topshirayotganda 5 ta yo‘nalishni tanlaydi. Imtihondan o‘tgach, test natijalari chiqqandan keyin yo‘nalishlarni tanlash imkoniyatini beramiz. Bu keyingi o‘quv yilidan boshlanishi mumkin. Hozir shuning ustida ishlayapmiz. Albatta, bu yangilik bo‘ladi», – dedi Abdurahmonov.
Vazir ushbu qarorni abituriyentlar imtihonga oz qolganda fikrini o‘zgartirib, yo‘nalishini o‘zgartirishni so‘rab qolish holatlari ko‘paygani bilan izohlagan.
«Bunday muammolar bor. Abituriyent yo‘nalishini o‘zgartirishini so‘rab vazirlikka murojaat bilan kelgan vaziyatlar ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun yangi tartib haqida o‘ylayapmiz», – dedi vazir.


