
26 avgustda Kobul aeroportidagi terakt oqibatida 100 ga yaqin kishi halok bo‘ldi, ular orasida AQSH harbiylari va “Tolibon” patrullari ham bor.
Terakt haqida ogohlantirish kunning birinchi yarmida paydo bo‘la boshladi: dastlab Buyuk Britaniya, keyinchalik Germaniya mudofaa vazirligi aeroportga hujumlar ehtimoli yuqori ekanini maʼlum qildi. AQSH razvedkasi ham teraktlar xavfi yuqoriligini bir necha kun avval taʼkidlagan.
Teraktdan keyin javobgarlikni ISHID o‘z zimmasiga oldi. Bayden ham portlash ISHIDning Afg‘onistondagi guruhlari tomonidan amalga oshirilganini aytdi. Terakt oqibatida 13 nafar AQSH harbiysi halok bo‘lgan. Shu bois AQSH yetakchisi terrorchi guruhlarga aviazarbalar berishga buyruq berdi.
Ammo ISHID yagona variant emas. Baʼzi ekspertlar, jumladan, rossiyalik afg‘onshunos Andrey Serenko teraktga “Haqqoniy tizimi”ni aloqador deb hisoblaydi. Serenko bunga guruhga xos taktikani – terakt uyushtirib, keyin uni ISHID yoki boshqa radikal guruhlarga ag‘darishni asos sifatida keltirmoqda. Haqqoniy hozirgi kunda “Tolibon” hukumatida katta mavqega ega va bu ayblovlar bevosita harakatga ham borib taqalishi mumkin. Buning ustiga AQSH “Haqqoniy tizimi” rahbari Halil Haqqoniy uchun 5 million dollar taklif qilmoqda. Lekin “Tolibon”ning baʼzi hatti-harakatlari bu tahminlarni puchga chiqarmoqda.
birinchidan, terakt haqida dastlab toliblarning o‘zi ogohlantirdi.
Ikkinchidan, harakat portlashni keskin qoralab chiqdi.
Uchinchidan, teraktni ISHID o‘z zimmasiga oldi.
Bundan tashqari terakt “Tolibon” uchun hech qanday naf bermaydi. Harakat o‘zini xalqaro miqyosda tan olinishini istaydi. Tabiiyki, bu kabi xatti-harakatlar uning legitimligini shubha ostiga qo‘yadi.
Afg‘onistonda ISHID guruhlari bor. AQSH va G‘arbning chiqib ketishi, markaziy hukumat qulashi katta bo‘shliqni vujudga keltirdi va bundan terrorchilar foydalanib qolishga intilishi aniq. Bu toliblar uchun ham xavfli. Ular uchun hozirda Afg‘onistonda davlat qurish va hokimiyatni mustahkamlash muhim, ammo ISHID harakatlari bunga to‘sqinlik qiladi. Shu bois “Tolibon” 27 avgustdayoq Nangahar va Kunar viloyatlarida ISHID terrorchilariga qarshi kurashni boshlab yubordi.
AQSHning teraktga munosabati Afg‘onistonda Vashington gegemonligi tugayotganidan dalolat beradi. Agar bunday qurbonlar 2000 yillarda ro‘y berganida Amerika katta harbiy kampaniya boshlashi aniq edi. Ammo 2021 yilga kelib AQSH bu kabi operatsiyalarni amalga oshira olmaydi. To‘g‘ri aviatsiya yordamida zarbalar berish mumkin, lekin bu vaziyatni tubdan o‘zgartirmaydi.
ISHIDni Afg‘oniston hududidan siqib chiqarish o‘ta dolzarb masala sanaladi. Markaziy Osiyo biqinida bunday xavfning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki oqibat juda ayanchli bo‘lishi mumkin: yangi urush o‘choqlari, ulkan gumanitar halokat nafaqat Afg‘oniston, balki butun dunyoga salbiy taʼsir o‘tkazishi mumkin.
Jahongir Qo‘ziyev


