Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay mamlakatdagi vaziyat yuzasidan fikrlarini bildirdi. Bu haqda “Sputnik Afganistan” xabar berdi.
ISHIDning Kobul, Qunduz va Qandahorda sodir etgan so‘nggi teraktlari haqida gapirar ekan, Karzay Afg‘oniston mustahkam tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka erishishi uchun katta yo‘lni bosishi zarurligini maʼlum qilgan. Uning fikricha, Afg‘onistonga ISHID xorijdan olib kirilgan, madaniyat, tarix va din bilan umuman bog‘liq bo‘lmagan hodisa hisoblanib, u afg‘on xalqiga mutlaq begona.
Sobiq prezident afg‘on inqirozini hal etish yo‘llari haqida ham gapirib o‘tgan. Uning fikricha, mavjud muammolarni xalqning siyosiy hayotda keng ishtirokini taʼminlash orqali hal etish mumkin.
Shuningdek, u qo‘shni davlatlar va jahon davlatlarini afg‘on xalqiga yordam berishga chaqirdi. Karzay ayniqsa, ushbu vaziyatda Eronning roli katta bo‘lishi mumkinligini taʼkidlagan.
Avvalroq Qatar endilikda Afg‘onistonda AQSH manfaatlarini ilgari surishi hamda Kobul aeroportida yuzlab afg‘onlar qolib ketgani haqida xabar berilgandi.
Jahongir Qo'ziyev


