“Tolibon” AQSH kongressiga ochiq xat yozdi. Maktubni mamlakat tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Abdulqodir Balxiy o‘qib eshittirgan.
Unda Doha kelishuvlariga amal qilishga chaqirilgan. Toliblar unga amal qilish AQSH manfaatlariga ham javob berishini qayd qilgan. Shuningdek, harakat Kobulga shahar aholisi iltimosi bilan kirgani, sababi Ashraf G‘ani qochib ketgandan keyin hokimiyat vaakumi paydo bo‘lganligi maʼlum qilingan.
“Tolibon” o‘zini suveren va masʼuliyatli hukumat sifatida baholagan, ular korrupsiya va qonun buzilishiga qarshi kurashayotganligi taʼkidlangan.
Shu bilan birga ular AQSHni iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishga chaqirgan.
“Afg‘oniston xalqaro aktivlarining muzlatib qo‘yilishi kutilmagan va Doha kelishuvlariga zid hodisa bo‘ldi. Bu Afg‘onistonda mavjud barcha muammolar asosiy sababchisi va AQSH obro‘siga jiddiy putur yetkazadi.
AQSH o‘z sanksiyalarini bekor qilmasa, qishda juda katta gumanitar halokat va migratsiya sodir bo‘ladi, bu esa barcha uchun yangi muammolarni vujudga keltiradi”, – deyiladi maktubda.
Avvalroq Afg‘onistonda 2021 yilda giyohvand moddalar ishlab chiqarish ko‘paygani maʼlum qilingandi.
Jahongir Qo‘ziyev


