
Xususan, Pariyon tumanida toliblarning badaxshonlik jangarilari bilan mahalliy imom hamda oqsoqollar o‘rtasida kelishuvga erishilgan. Oqibatda tuman osonlik bilan harakat nazoratiga o‘tgan.
Panjsherliklarning Shotol tumanida toliblarni o‘rab olishi va taʼminotdan uzib qo‘yishi natijasida dushman ko‘plab askarlaridan ayrilgan. Ammo shimoldan qilingan hujum Qarshilik kuchlarining bo‘linishiga olib kelgan. Buning oqibatida “Tolibon” bir vaqtning o‘zida ham shimol, ham janubiy yo‘nalishdan zarba berishga muvaffaq bo‘lgan.
Harakat Toxar, Badaxshon, Pariyon, Kapisa va Parvondagi bo‘linmalarining deyarli barchasini Panjsherga qarshi safarbar qilgan.
Viloyat ishg‘ol qilinishida Qori Fasihuddinga panjsherlik Abdulhamid Xurosoniy katta yordam bergan. Shu bilan birga aynan Xurosoniy Pokiston harbiy havo kuchlariga Amrulla Solihning qarorgohi koordinatalarini taqdim etgan. Shundan keyin Solihning uyiga aviazarba berilgan.
Janglarning hal qiluvchi pallasida Islomobodning aralashuvi toliblarga jiddiy ustunlik berdi. Pokiston maxsus kuchlari Salang hududiga joylashib, dronlar zarba beradigan marralar koordinatasini yuborib turgan.
Hozirda Panjsher vodiysi, Shotoldan Pariyan tumanigacha bo‘lgan yo‘l “Tolibon” tomonidan nazorat qilinmoqda. Abshar, Dara tumanlari, shuningdek, Xazora darasi Masʼud kuchlari qo‘lida. Bag‘lon viloyatidagi Andarab vodiysida ham janglar davom etyapti. Afg‘onistonda partizanlik urushi boshlangan.
Bundan avval Afg‘oniston masalasi bo‘yicha maxsus uchrashuv bo‘lib o‘tgani xabar qilingan edi.
Jahongir Qo‘ziyev


