
Zalmay Xalilzod AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili lavozimidan ketadi. U 18 oktyabr kuni Entoni Blinken nomiga ariza yozgan. Unda “Tolibon” bilan Afg‘oniston sobiq hukumati o‘rtasida erishilgan kelishuvlar rejadagidek amalga oshmagani qayd etilgan. Xalilzod o‘rnini uning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Tomas Uest egallaydi. Uest 2012-2015 yillarda, Barak Obama prezidentligi davrida Milliy xavfsizlik kengashida Afg‘oniston va Pokiston yo‘nalishida faoliyat olib borgan. Shu bilan birga u Prezidentning Janubiy Osiyo bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan.
Bundan tashqari AQSH davlat departamenti Afg‘onistondagi elchixona faoliyati yuzasidan tekshiruv o‘tkazadi.
Tekshiruv eng avvalo AQSHning Afg‘onistondagi diplomatik ishtiroki tugatilishi hamda evakuatsiya qilinishi tartibini o‘rganishga qaratilgan. Politico maʼlumotlariga ko‘ra, shu bilan birga viza berilishi kerak bo‘lgan shaxslar, ularning AQSHga ko‘chirilishi va Kobul aeroportidan favqulodda evakuatsiya qilinishi ham tekshiriladi. Gap bu yerda nafaqat afg‘onlar, balki AQSH fuqarolari haqida ham ketmoqda.
Lekin AQSH davlat departamenti vakili Rayan Xoldenning aytishicha, “bu loyihani surishtiruv sifatida baholanishi xato. Biz Kongressga loyihani umumiy tekshiruv sifatida ko‘rsatdik”.
Hozirda Kongressning bir necha qo‘mitasi Vashingtonning Afg‘onistondan shoshilinch chiqib ketishini o‘rganmoqda. Shuningdek, AQSH hukumatining Afg‘onistonni tiklash masalalari bo‘yicha bosh inspektori Jon Sopko va Pentagon inspektori vazifasini bajaruvchisi Shon o‘Donnell ham yuqoridagi kabi umumiy tekshiruv o‘tkazishi mumkin.
Bundan avval AQSHda afg‘on qochqinlarini joylashtirishda muammo yuzaga kelgani hamda AQSHga nisbatan ittifoqchilarning ishonchsizligi ortgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev


