31-iyul kuni “Al-Qoida” xalqaro terrorchilik tashkiloti yetakchisi Kobulda o‘ldirildi. U AQSHning maxsus amaliyoti paytida yo‘q qilingan.
Ayman az-Zavoxiriy 2011 yil Usoma bin Lodin o‘limidan so‘ng xalqaro terrorchi guruh rahbari hisoblanib kelgan. Oq uy uni uchuvchisiz qurilma yordamida o‘ldirilganini aytmoqda.
Jozef Bayden hodisa bo‘yicha bayonotida amaliyotning har tomonlama muvaffaqiyatli o‘tganini taʼkidlagan. Shuningdek, AQSh prezidenti Afg‘onistonni terror o‘chog‘iga aylanmasligi uchun barcha narsani amalga oshirishga vaʼda bergan.
Davlat kotibi Entoni Blinken "Tolibon" harakatini Doha kelishuvlarini bajarmaslikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar Afg‘onistonga xalqaro terrorchilarni kiritmaslik va ularni asramaslik majburiyatini olgan.
Avvalroq Afg‘onistonda ISHID jangarilari soni uch barobar ko‘paygani to‘g‘risida xabar berilgandi.


