AQSH “Tolibon” bilan Dohadagi muzokaralarini bekor qildi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot kotibi o‘rinbosari Jalina Porterga asoslanib, “TASS” xabar berdi.
"Dohadagi bekor qilingan uchrashuvlarga keladigan bo‘lsak, haqiqqatdan ham ayrim muloqotlarni to‘xtatdik. Bu o‘zaro munosabatlardagi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin", — degan u.
Bundan oldin “Tolibon” o‘rta va yuqori sinflarda o‘qiydigan qizlarning maktabga borishini taqiqlab qo‘ygandi. AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi davlatlari bu qadamni qoralab chiqdi.
Porterning so‘zlariga ko‘ra, toliblarning bu qarori afg‘on xalqi iqtisodiy o‘sishi hamda “Tolibon”ning xalqaro miqiyosda tan olinishi istiqbollariga katta zarar yetkazadi.
U toliblarni yana bir marta o‘z majburiyatlarini bajarishga chaqirgan. Davlat departamenti vakili so‘zlariga ko‘ra, ayollar taʼlimiga ruxsat berish orqali iqtisodiyot va jamiyat potensialini to‘la ochib berish mumkin.
Avvalroq Afg‘onistonda narkotiklar savdosi oshgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


