"Qo‘shma Shtatlar hukumati rasmiylari Tinch okeani bo‘ylab dengiz osti internet kabellarini o‘tkazayotgan telekommunikatsiya kompaniyalarini “Xitoy taʼmirlovchi kemalari” josusligidan himoyalanishdan ogohlantirdi", — deb yozadi The Wall Street Journal.
Nashrning qayd etishicha, AQSH Davlat departamenti Xitoyning Submarine Systems kompaniyasining taʼmirlash kemalarining noodatiy xati-harakatlarini qayd etdi. Suv osti aloqa kabellarini yotqizish va taʼmirlash bilan shug‘ullanuvchi Submarine Systems kompaniyasi o‘z kemalarining joylashuvini radio va sunʼiy yo‘ldosh kuzatish xizmatlaridan yashiradi.
Gap, xususan, Tayvan va Indoneziya yaqinida ishlayotganda baʼzan kuzatuvlardan yo‘qolib qolgan Fu Hai, Fu Tai va Bold Maverick kemalari haqida bormoqda. Shu sababli Qo‘shma Shtatlar rasmiylari kompaniya maxfiy operatsiyalarda ishtirok etayotgan kemalari harakatini yashirmoqda, deb xavotirda.
"AQSH razvedkasi uzoq vaqtdan beri dengiz osti optik tolali aloqa kabellariga texnik xizmat ko‘rsatish va taʼmirlash orqali josuslik faoliyatidan xavotir bildirib kelgan", — deb yozadi gazeta.


