Belarus mudofaa vazirligi Polsha bilan chegaradagi vaziyat yuzasidan bayonot berdi. Bu haqda "RIA Novosti" xabar berdi.
Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Polsha Belarus bilan chegaraga 10 ming askar joylashtirgan. Minsk buni harbiy harakat sifatida baholamoqda va Varshava bu haqda hech qanday maʼlumot taqdim etmaganini maʼlum qildi. Shuningdek, vazirlik Polshani konstruktiv muloqotga tayyor emasligini aytgan va chegaradagi vaziyatni atayin siyosiylashtirishda ayblagan.
Maʼlumot o‘rnida: 8 noyabr kuni Belarusdan Polsha yo‘nalishiga qarab minglab migrantlar yo‘lga chiqqan. Buning ortidan chegaraga qo‘shimcha politsiya va harbiy kuchlar chaqirilgan. Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari Belarusni vaziyatni atayin chigallashtirishda ayblamoqda. Hozir Litva chegara hududlarda favqulodda holat joriy etgan.
Avvalroq Polsha bosh vaziri Putin va Lukashenkoni "migratsion shantaj"da ayblagani hamda Lukashenko Polshani ogohlantirgani haqida xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev


