Yevropa Rossiya neftidan voz kechgan taqdirda uning narxi 300 dollarga ko‘tariladi. Bu haqda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak aytgan.
Novak YIning Moskvaga energetik jihatdan bog‘liqligiga e’tibor qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Yevropa iste’mol qiladigan gazning 40 foizini yetkazib beradi va doim ishonchli hamkor bo‘lib kelgan.
“Yevropa rus gazining o‘rnini tezda to‘ldira olmaydi. Buning uchun yillar kerak. Gʻarbning ehtimoliy embargosi haqidagi gap-so‘zlar esa noaniqlikni vujudga keltiradi va narxlar oshishiga sabab bo‘ladi. Bu iste’molchilarga sezilarli zarar yetkazadi”, – degan Novak.
Shuningdek, u Rossiyaning “Shimoliy oqim -1” gaz quvurini to‘xtatib qo‘yish huquqi borligini, ammo shu paytgacha buni amalga oshirmaganini qayd etgan. Siyosatchi neft narxi haqida gapirar ekan, Moskva “qora oltin” yetkazib berish bo‘yicha kafolat berishini, energetika bilan siyosatni aralashtirmasligini qayd etgan.
“Gʻarb Rossiya neft va gazidan voz kechgan taqdirda moliya bozorida halokatli vaziyat vujudga keladi. Neftning bir barreli esa 300 dollargacha ko‘tariladi”, –– deb ma’lum qilgan Novak.
Shu bilan birga u Moskva Yevropaga ketayotgan energoresurslarni qayerga yo‘naltirishni bilishini ta’kidlagan.
Ma’lumot o‘rnida: 24 fevral kuni RF Ukrainada maxsus harbiy operasiya boshladi. Bunga javoban Gʻarb davlatlari unga qarshi sanksiyalar joriy etdi. So‘nggi kunlarda Yevropa Moskva bilan energetik hamkorlikdan voz kechishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Shu bilan birga qator YeI davlatlari bunga tayyor emasligini ma’lum qilgan.
Avvalroq fransus energetika kompaniyasi Yevropaning Moskvaga energetik qaramligini tan olgandi.


