AQSH va Eron bir necha hafta ichida yadro kelishuviga erishishi mumkin. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Uning maʼlumotlariga ko‘ra, Vashington va Tehron “tarixiy yadro kelishuvi”ning tiklanishi uchun qator muhim masalalarni hal qilishga tayyor. Gap Eronning o‘tmishdagi yadro faoliyatini tekshirishga ruxsat berish, shuningdek, Vashington kelishuvni yana tark etgan taqdirda iqtisodiy kafolatlar bo‘lishi haqida ketmoqda. Agentlik suhbatdoshlari bunga bir necha hafta ketishini aytgan.
Maʼlumot o‘rnida: 2015 yilda Eron va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya hamda Xitoy o‘rtasida “Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi” imzolangan. Unga ko‘ra, Tehron yadro quroli ishlab chiqishdan voz kechishi, G‘arb esa iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishi lozim edi. Ammo 2018 yilda AQSH bu kelishuvdan chiqib ketdi.
Jozef Bayden AQSH prezidentiga aylangach, kelishuvni qaytib tiklash tashabbusi bilan chiqdi. 2021 yildan boshlab Venada sakkiz raundli muzokaralar o‘tkazildi. 11 mart kuni tomonlar tashqi faktorlar tufayli tanaffus oldi. Unga asosiy sabab qilib Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi ko‘rsatilmoqda. Bunga qadar muzokaralar final bosqichiga chiqqan va fevral oxirida yakunlanishi kerak edi. So‘nggi oylarda Yevropa vositachiligida yadro kelishuvi bo‘yicha muzokaralar faollashdi.
Avvalroq AQSH Eronga yadro shartnomasi bo‘yicha javob takliflarini jo‘natgandi.


