Yevroittifoq Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni chuqurlashtirishi kerak. Bu haqda Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel mintaqaga tashrifi yakuni bo‘yicha bergan bayonotida maʼlum qildi.
Janob Borrel Rossiya va Xitoyning Markaziy Osiyo bilan hamkorlikda yetakchilik qilayotganiga eʼtibor qaratgan. Shu bilan birga mintaqa davlatlari tashqi siyosatini diversifikatsiya qilishga harakat qilayotgani qayd etilgan.
“YeI bu o‘zgarishlardan foydalanishdan manfaatdor. Biz mintaqa bilan aloqalarni chuqurlashtirishimiz, energetika va o‘ta muhim xomashyo yetkazib berishdagi potensialini ishga tushirishimiz kerak” , – degan Borrel.
Diplomat Rossiyani chetlab o‘tadigan yangi transport koridorlarini rivojlantirishni taklif qilgan. Gap Transkaspiy yo‘lagi haqida ketmoqda.
Avvalroq Borrel Yevropaning Markaziy Osiyoga Xitoy va Rossiyadan ko‘p investitsiya kiritganini aytgandi.


