Braziliyaning San-Paulo shahrida bo‘lib o‘tgan ommaviy namoyishda AQSH prezidenti Donald Trampning yuzi tasvirlangan qo‘g‘irchoq va Amerika bayrog‘i yoqib yuborildi. Bu voqea AQSH va Braziliya o‘rtasidagi savdo ziddiyatlari keskinlashgan bir vaqtda yuz berdi. Namoyishchilar Vashington tomonidan Braziliya mahsulotlariga joriy etilgan 50 foizlik bojlarni qoralab chiqdilar.
Metropoles nashrining yozishicha, mitingni turli jamoat tashkilotlari, kasaba uyushmalari va so‘l partiyalarning vakillari tashkil qilgan. Ular AQSH hukumatining Braziliya eksportiga qo‘ygan boj soliqlarini iqtisodiy bosim deb atab, Trampning Bolsonaruga bildirgan siyosiy qo‘lloviga qarshi chiqishdi.
Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva esa Trampning Braziliya sobiq prezidenti Jair Bolsonaruni "siyosiy ta'qibdan himoya qilish" haqidagi chaqirig‘iga keskin munosabat bildirdi. U Amerika yetakchisini mamlakat ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi va Trampni ijtimoiy tarmoqlarda vaqt sarflash o‘rniga o‘z vazifalariga e’tibor qaratishga undadi.
Lula da Silva, shuningdek, AQSH rasmiylari 1-avgustgacha bojlarni bekor qilmasa, Braziliya ham o‘sha sanadan boshlab Amerika mahsulotlariga xuddi shunday boj joriy etishini aytdi. Bu holat ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarining jiddiy sinovdan o‘tishiga sabab bo‘lmoqda.


