
“Baʼzi davlatlar bizga qarshi har kuni kiberurush olib bormoqda. Xalqaro meʼyorlarga ko‘ra, biz o‘zimizni himoya qilish huquqiga egamiz. Biz xavfli va zarar keltiruvchi kiberoperatsiyalardan o‘zimizni himoya qilamiz”, – degan Uolles Buyuk Britaniya milliy kibernetika kuchlari haqida gapirib. Bu yangi turdagi tuzilma bo‘lib, unda turli maxsus xizmatlar va mudofaa vazirligi xodimlari birlashgan. U 2020 yilning noyabrida tuzilgan edi. “The Sunday Telegraph” maʼlumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya milliy kibernetika kuchlari shtab-kvartirasi uchun 5 milliard funt-sterling sarflangan bo‘lib, unda minglab xaker va kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspertlar xizmat qiladi.
Uolles kiberhujumlardan himoyalanish yo‘llaridan biri javob hujumlari ekanini taʼkidladi. Shuningdek, mudofaa vaziri yirik kiberhujumlarga misol keltirib o‘tdi. Masalan, 2017 yilda WannaCry virusi orqali Birlashgan qirollik milliy sog‘liqni saqlash tizimiga 92 million funt (125 million dollar) zarar yetkazilgan. London ushbu hodisaga javobgar sifatida Shimoliy Koreyani ko‘rsatgan.
Uolles kibermakon bugungi kunda yangi front, yangi jang maydoniga aylanganini alohida taʼkidlagan. “20 yildan keyin nima bo‘lishini bilmaymiz. Lekin bizga hozircha halokatli, yuqori darajadagi kiberhujum uyushtirilgani yo‘q”, — deya qo‘shimcha qilgan vazir.
Bundan avval AQSH, Buyuk Britaniya va Avstraliya kibermakonda hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgani hamda London afg‘on qochqinlari uchun 40 million dollar ajratgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev


