1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

“Dok-1 Max”dan zaharlanib, nogiron bo‘lib qolgan jizzaxlik 8 yoshli qiz vafot etdi

Hozirgacha O‘zbekistonda 70 ga yaqin bola “Dok-1 Max”dan vafot etgan, yana o‘nlab bolalar nogiron bo‘lib qolgan.

“Dok-1 Max”dan zaharlanib, nogiron bo‘lib qolgan jizzaxlik 8 yoshli qiz vafot etdi

O‘zbekistonda Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Max” dori vositasidan zaharlanish oqibatida nogiron bo‘lib qolgan bolalardan yana biri — Jizzax viloyatida yashovchi 8 yoshli Muslima Ziyoboyeva 2025-yil 3-iyul kuni vafot etdi. U 2022-yilning dekabrida ushbu siropni iste’mol qilganidan so‘ng og‘ir holatga tushgan va shifokorlar tomonidan 1-guruh nogironi sifatida qayd etilgan edi.

Bu haqda gazeta.uz yozmoqda.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yil 22-avgustda tug‘ilgan Muslima 2022-yil dekabr oyida tomog‘i og‘rigani sababli ota-onasi tomonidan shifokor ko‘rsatmasi asosida “Dok-1 Max” siropini kuniga uch mahal ichgan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, qizchaning buyraklari ishdan chiqqan va u siydik ajrata olmay qolgan. Shundan so‘ng uni Jizzaxdagi shifoxonaga olib borishgan, u yerdan esa Toshkentga — Bolalar milliy tibbiyot markaziga yuborilgan.

 

Yo‘l-yo‘lakay Muslima komaga tushib qolgan va yetti kun davomida hushsiz yotgan. Keyinchalik unga birinchi guruh nogironligi belgilangan. 2024-yil noyabr oyida o‘tkazilgan sud majlisida otasi Muslimaning ahvoli og‘irligicha qolayotgani, u yura olmasligi, gapira olmasligi va butkul nogiron holatga tushib qolgani haqida so‘zlab bergan. Ota-onaning aytishicha, bolani davolash va parvarishlash uchun har oyda 10 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan, umumiy xarajatlar 1 milliard so‘mdan oshgan.

 

2024-yil 18-noyabr kuni Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan “Dok-1 Max” ishi yuzasidan chiqarilgan qarorda Muslima Ziyoboyeva va yana to‘rt nafar nogiron bo‘lib qolgan bolani jabrlanuvchi deb topgan. Har biriga 1 milliard so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi belgilangan. Ushbu zarar Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari Sardor Kariev va boshqa 6 nafar sudlanuvchidan solidarlik tartibida undirilishi lozim edi.

 

Shuningdek, sud hukmida Karievning uyidan olingan 10 ming AQSh dollari besh jabrlanuvchi oilasiga (har biriga 2 ming dollardan) taqsimlanishi ko‘zda tutilgan. Biroq 2025-yil iyul oyi holatiga kelib, na ma’naviy zarar to‘liq to‘langan, na 10 ming dollarlik mablag‘lar yetkazilgan.

 

Sud qarori ustidan 2024-yil dekabr oyida bir necha sudlanuvchi tomonidan apellyatsiya berilgani sababli hukm qonuniy kuchga kirmagan edi. Apellyatsiya arizalari bo‘yicha ko‘rib chiqish 2025-yil may oyida boshlangan va 5-iyun kuni Toshkent shahar sudi dastlabki hukmni o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qilgan. Shundan so‘ng ijro ishi birinchi instansiya sudi — Uchtepa tuman sudiga yuborilgan, ular esa 16-iyun kuni hujjatlarni Majburiy ijro byurosiga topshirgan.

 

Shu bilan birga, “Dok-1 Max” ishi bo‘yicha chiqarilgan 2024-yil 26-fevraldagi birinchi sud hukmiga muvofiq, ushbu dori vositasi sabab O‘zbekistonda 68 nafar bola vafot etgani va 23 nafar bola nogiron bo‘lib qolgani rasman tasdiqlangan. Sud jabrlanuvchilarga jami 75,6 milliard so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirilishini belgilagan edi.

 

Bu mablag‘lar hozirga qadar to‘liq to‘lanmagan. Faqatgina Sardor Karievning onasi tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘langan 2,5 milliard so‘m pul jabrlanuvchilar o‘rtasida 20−30 million so‘mdan taqsimlangan.

 

Avvalroq Karievning onasi sudga o‘g‘li jazodan yengillatilishi evaziga barcha zararlarni to‘lashga tayyor ekanini bildirgan edi. Ammo bu va’da amalda to‘liq bajarilmagan. Shu sababli, farzandini yo‘qotgan ota-onalar, nogiron bo‘lib qolgan bolalar oilalari 2024-yil kuzida murojaat yo‘llab, kompensatsiya pullari zudlik bilan to‘lab berilishini talab qilgan edi.

 

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov bu masalalarda zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan, biroq jabrlanuvchi ota-onalar bu bayonotlarni haqiqatga zid deb hisoblagan.

Muslima Ziyoboyeva 2025-yil 3-iyul kuni vafot etdi. Bu ma’lumotni boshqa bir jabrlanuvchi bola oilasi Gazeta.uz' ga ma’lum qilgan, marhumaning otasi Ilhom Azimov bu xabarni tasdiqlagan.

 

Ushbu mudhish voqea yana bir bor sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar, farmatsevtika nazorati bo‘yicha zaiflik va sud hukmlarining ijrosida sustkashlik borligini ko‘rsatmoqda. Vafot etgan bolalar soni yana bittaga oshdi, biroq adolat hali to‘liq tiklangani yo‘q.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика