1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Endi maktablarda sun’iy intellekt bo‘yicha darslar joriy qilinadi

Yuqori sinflarda sun’iy intellekt darslari, ixtisoslashgan maktablar va xalqaro olimpiadalar orqali iqtidorli o‘quvchilarga yangi imkoniyatlar yaratiladi.

Endi maktablarda sun’iy intellekt bo‘yicha darslar joriy qilinadi

2024 yildan boshlab 1-sinflarda axborot texnologiyalari darslari yo‘lga qo‘yilgan bo'lsa, Keyingi o‘quv yilidan yuqori sinflar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha darslar kiritiladi. Bu haqda 9 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan ta’lim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

 

Qayd etilishicha, buning uchun 2 mingta sinf xonasiga kompyuter, 6 ming 300 ta interfaol doska zarur bo‘ladi. Ushbu maqsadlarga zarur mablag‘larni keyingi yil davlat byudjetida nazarda tutish vazifasi topshirildi.

 

Iqtidorli o‘quvchilarga sharoit yaratish uchun viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlar yo‘nalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi. Endi ularning barchasi hududlardagi texnika oliygohlariga nomma-nom biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ushbu oliygohlarning 2-kursiga qabul qilinadi.

 

2026 yilda maktab o‘quvchilari o‘rtasida eng nufuzli ikkita – xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Bosh vazirga poytaxtda ushbu olimpiadalarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha tashkiliy masalalarni nazoratga olish topshirildi.

 

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshidan xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilar 195 ta medalni qo‘lga kiritdi va ularga oshirilgan stavka bo‘yicha jami 10 milliard so‘m, murabbiy o‘qituvchilariga esa 3,5 milliard so‘m pul mukofoti berilishi xabar qilingan edi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика