“Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbasini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratish tizimini soddalashtirish, aholining bandligini oshirish, daromad manbasini kengaytirish va mehnat faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
14 foizli imtiyozli kreditlar kimlarga beriladi?
— Oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga – 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
— Chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha;
— Bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga ajratiladi.
Imtiyozli kreditlar 2022 yil 1 martdan boshlab, mahallalardagi hokim yordamchilarining tavsiyasi asosida to‘liq raqamlashgan holda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratiladi.
Bunda kredit olish uchun arizalar barcha bosqichlarda onlayn tarzda ko‘rib chiqiladi va har bir bosqichda qabul qilingan qaror to‘g‘risida Yagona elektron platforma (SMS-xabarnoma, elektron pochta yoki shaxsiy kabinet) orqali maʼlumot berib boriladi.
Kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha hujjatlar elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va masofadan imzolanadi.
Dasturlar doirasida ajratilgan kredit mablag‘lari bo‘yicha mavjud qarzdorligi to‘liq so‘ndirilmagan, shuningdek, kreditlardan maqsadsiz foydalangan qarz oluvchilarga ushbu dasturlar orqali yangi kredit ajratilishiga ruxsat etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mikrokreditbankda ham tijorat kreditlarini ajratish vaqtincha to‘xtatilgani hamda yosh tadbirkorlarga 540 million so‘mgacha kredit berilishi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova


