Venada Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarda 90 foiz masalalar kelishib olingan. Bu haqda "Al Jazeera" telekanaliga Tehrondagi diplomatik manba maʼlum qildi.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, gap asosan og‘zaki kelishuvlar haqida ketmoqda. Hozircha ular yozma ko‘rinishdagi hujjatga keltirilmagan.
Bundan oldin Yevropa tashqi siyosiy idorasi rahbari o‘rinbosari Enrike Moraning Tehronga tashrifi maʼlum bo‘lgandi. U Eronning yadro muzokaralaridagi vakili Ali Bagiri Kani bilan uchrashadi. Eron TIV rasmiy vakili Said Xatibzoda ushbu tashrifni "to‘g‘ri yo‘nalishdagi harakat" deb baholagan.
Maʼlumot o‘rnida: 2015 yilda Eron va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya hamda Xitoy o‘rtasida "Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi" imzolangan. Unga ko‘ra, Tehron yadro quroli ishlab chiqishdan voz kechishi, G‘arb esa iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishi lozim edi. Ammo 2018 yilda AQSH bu kelishuvdan chiqib ketdi.
Jozef Bayden AQSH prezidentiga aylangach, kelishuvni qaytib tiklash tashabbusi bilan chiqdi. 2021 yildan boshlab Venada sakkiz raundli muzokaralar o‘tkazildi. 11 mart kuni tomonlar tashqi faktorlar tufayli tanaffus oldi. Unga asosiy sabab qilib Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi ko‘rsatilmoqda. Bunga qadar muzokaralar final bosqichiga chiqqan va fevral oxirida yakunlanishi kerak edi.


