Eronda ommaviy tartibsizliklar chog‘ida halok bo‘lganlar xotirasiga uch kunlik milliy motam e’lon qilindi. Bu haqda RBK nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, motam kunlari “Qo‘shma Shtatlar va sionistik rejimga qarshilik ko‘rsatish chog‘ida halok bo‘lgan shahidlar xotirasi”ga bag‘ishlangan. Eron prezidenti Masud Pezeshkian ham xotira tadbirlarida ishtirok etishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Reuters’ga ma’lum qilinishicha, Isroil xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlarida qatnashgan uch nafar isroillik manbaning aytishicha, AQShning ehtimoliy aralashuvi fonida Isroil yuqori darajadagi hushyorlik holatiga o‘tkazilgan.
Avvalroq Eron prezidenti Masud Pezeshkian AQSh va Isroilni mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklarni qo‘zg‘atishda ayblagan edi.
Eslatib o‘tilishicha, 28-dekabr kuni Eronda milliy valyutaning keskin qadrsizlanishiga qarshi norozilik namoyishlari boshlangan. Namoyishlarga javoban rasmiylar xavfsizlik choralarini kuchaytirib, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va pnevmatik vositalardan foydalangan.
Eng yirik norozilik namoyishlari Tehronda qayd etilgan bo‘lsa, eng keskin to‘qnashuvlar mamlakatning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy hududlaridagi Malekshoh, Kermanshoh va Lordegan shaharlarida yuz bergan.


