Fransiya tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna AQSH davlat kotibi Entoni Blinken bilan Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni muhokama qildi. Bu haqda Fransiya TIV maʼlumot berdi.
Tomonlar "Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi"ga qaytish zarurligini taʼkidlagan.
Shu bilan birga Kolonna Parij va Vashington o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash zarurligini taʼkidlagan.
Maʼlumot o‘rnida: 2015 yilda Eron va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya hamda Xitoy o‘rtasida "Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi" imzolangan. Unga ko‘ra, Tehron yadro quroli ishlab chiqishdan voz kechishi, G‘arb esa iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishi lozim edi. Ammo 2018 yilda AQSH bu kelishuvdan chiqib ketdi.
Jozef Bayden AQSH prezidentiga aylangach, kelishuvni qaytib tiklash tashabbusi bilan chiqdi. 2021 yildan boshlab Venada sakkiz raundli muzokaralar o‘tkazildi. 11 mart kuni tomonlar tashqi faktorlar tufayli tanaffus oldi. Unga asosiy sabab qilib Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi ko‘rsatilmoqda. Bunga qadar muzokaralar final bosqichiga chiqqan va fevral oxirida yakunlanishi kerak edi.
Avvalroq Eron bilan yadro muzokaralarida 90 foiz masala hal bo‘lgani maʼlum qilingandi.


