O‘zbekistonda 2023-yilning kuz oyigacha aholi uchun elektr energiyasi va gaz uchun yangi tariflar to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bu haqda “Newshub” xabar berdi.
Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayevning taʼkidlashicha, hukumat kuzgacha aholi uchun elektr energiyasi va gaz bo‘yicha yangi tariflar to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
“Yangi tariflarni joriy etishni o‘tgan yil qoldirgandik, chunki biz bunga hali tayyor emasligimizni angladik. Shuningdek, inflyatsiyaga taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy jihatlar ham hisobga olingan. O‘ylaymanki, kuzgacha qaror qabul qilinadi va biz tariflarni qachon keng miqyosda ishga tushirishni tushunamiz”, — dedi Axmedxadjayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bozorda adolatli yondashuvni shakllantirish kerak. Bunda katta ko‘chmas mulkka egalik va ko‘p sonli maishiy texnikadan foydalanadiganlar ko‘proq pul to‘laydi. Vazir o‘rinbosari hamma uchun bir xil bo‘lgan hisob-kitobni noto‘g‘ri deb atagan.
Axmedxadjayevning qo‘shimcha qilishicha, hozirda O‘zbekiston Energetika vazirligi Jahon banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda energiya bozorini rivojlantirishning yangi strategiyasini ishlab chiqish ustida ishlamoqda
“Biz amalga oshirish tezligi bo‘yicha qaysi ssenariy biz uchun eng qiziqarli ekanligini tushunish uchun barcha mumkin bo‘lgan variantlarni muhokama qilmoqdamiz. Dunyoda ularning ijobiy va salbiy tomonlari bilan turli xil tajribalar mavjud. Biz hamma narsani yagona universal tizimga solishga harakat qilyapmiz. Hozir muhokamalar ish jarayoni bosqichida”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda elektr energiyasi uchun to‘lov narxini oshirish taklif qilingandi.


