
Qonunga muvofiq, endi safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga o‘tgan fuqarolar oylik harbiy yig‘inlarni o‘taganlaridan so‘ng Qurolli Kuchlar rezerviga o‘tkazilishi belgilandi. Bundan oldin bu tartib boshqacha, yaʼni oylik harbiy hizmatni o‘taganlar faqat 27 yoshga to‘lgandan keyin Qurolli Kuchlar rezerviga o‘tkazilar edi.
Shuningdek, chaqiruv uchastkalarida qayd etish ishlari fuqaroning umumiy o‘rta, o‘rta maxsus yoki boshlang‘ich professional taʼlim muassasalaridagi oxirgi o‘qish yilining oktabr-noyabr oylarida amalga oshirilishi belgilandi. Avvalgi hujjatda bu oxirgi o‘qish yilining aprel — may oylarida amalga oshirilardi.
Mehnatga qobiliyatsiz, yaʼni nafaqada yoki nogiron bo‘lgan yoxud ota-onaning yolg‘iz o‘g‘li bo‘lib, ularni boqishi lozim bo‘lgan vaziyat mavjud bo‘lsa, shuningdek, mehnatga layoqatli voyaga yetgan boshqa o‘g‘li bo‘lmasa, unda muddatli harbiy xizmatga chaqirilmasligi belgilangan edi.
Endilikda ushbu chaqiriluvchilar o‘zi, ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning roziliklari bilan muddatini kechiktirmasdan harbiy xizmatga chaqirilishlari mumkin.
Bundan tashqari, harbiy xizmatchilarning, oliy taʼlim muassasalari kursantlarining, harbiy yig‘inlarga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlarning va safarbarlik chaqiruvchi rezervidagi xizmatni o‘tayotganlarning moddiy javobgarligi ham belgilandi.
Bunda ular yetkazilgan zarar aniqlangan kundan eʼtiboran 3 yil ichida moddiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Yetkazilgan zararlarga moddiy va pul mablag‘larining talon-toroj qilinishi, kamomadi, behuda sarflanishi, yo‘qotilishi, yo‘q qilinishi, shikastlantirlishi, ishdan chiqarilishi hamda ulardan qonunga xilof ravishda foydalanilishi kabi holatlar kiradi.
Bundan avval O‘zbekistonlik harbiylar Janubiy Koreyaga o‘qishga yuborilishi, O‘zbekiston harbiylari Afg‘oniston bilan chegarada yangi samolyotni sinovdan o‘tkazgani hamda Mehribonlik uylari Milliy gvardiyaga biriktirilgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


