Hindistonning sharqiy qismidagi G‘arbiy Bengaliyada avtomobil va tosh ortilgan yuk mashinasining to‘qnashuvi oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘ldi, yana besh kishi jarohat oldi. Bu haqda Sinxua xabar berdi.
Jabrlanganlar eng yaqin shifoxonaga yetkazilgan.
Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, avtohalokatga ehtiyotsizlik va hududdagi quyuq tuman sabab bo‘lishi mumkin.
Hindistonda halokatli baxtsiz hodisalar tez-tez sodir bo‘ladi va odatda transport vositalarining ortiqcha yuklanishi, yomon yo‘l sharoitlari hamda ehtiyotsizlik bunga sabab bo‘ladi. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab har yili 500 mingga yaqin yo‘l-transport hodisalarida 150 mingga yaqin odam halok bo‘ladi.
Avvalroq Pokistonning Panjob viloyatidagi trassada yuk mashinasi va yo‘lovchi avtobus to‘qnashuvi oqibatida 30 kishi qurbon bo‘lgan edi. Shuningdek, Meksikada sayyohlar avtobusining ag‘darilishi natijasida 19 nafar inson hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar qilingandi.
Nasiba To'xtayeva


