2019 yil 2 yanvarda Toshkent viloyatidagi 15-sonli “Mehribonlik uyi”da yashab ulg‘aygan M.Davlatov hamtovog‘i V. Pakning uyida mehmondorchilikka boradi. Gap ustida o‘zaro janjallashib qolgan M.Davlatov V.Pakni oshxona pichog‘i bilan jarohatlaydi va voqea joyidan g‘oyib bo‘ladi. Qidiruvga berilganidan xabar topib turli joylarda yashirinib yuradi. 2019 yil 15 avgustda yana bir tanishi S. Papov xonadonida spirtli ichimlik isteʼmol qilib, uy egasi uxlab qolganidan foydalanib narxi 250 ming so‘mlik temir kesish uskunasi, narxi 550 ming so‘mlik devor teshish uskunasi hamda 360 ming so‘mlik ikkita suv hisoblagichni o‘g‘irlab ketadi. O‘g‘irlangan molni sotib pulini o‘z ehtiyojiga sarflab yuboradi.
U 2020 yil 5 yanvarda yana bir og‘ir jinoyatga qo‘l uradi. Temir bo‘lagi va pichoq bilan qurollanib, tunda avtoturargohga kelib, “Cobalt” rusumli avtomashina haydovchisi 60 yoshli A.Kenjayev bilan Farg‘ona viloyatiga borishga kelishadi.
Avtomashina "Toshkent — Farg‘ona" yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotganida M.Davlatov Ohangaron shahrida yashovchi tanishlaridan buyum olishi kerakligini aytib, haydovchini Angren daryosi yaqinidagi xilvat joyga boshlab boradi. Shundan so‘ng u mashinani to‘xtatishni so‘raydi va kutilmaganda temir bo‘lagi bilan A.Kenjayevning boshiga ustma-ust zarba beradi. Haydovchi cho‘ntagidagi 325 ming so‘m pul va "Samsung A3" rusumli uyali telefonini tortib olib, qolgan pulni qayerga yashirganini so‘rab tahdid qiladi.
A.Kenjayev boshqa puli yo‘qligini aytadi. Shundan so‘ng jirkanch niyatiga yetolmagan jinoyatchi o‘ta shafqatsizlik bilan uning umriga zomin bo‘ladi.
M.Davlatov jinoyat izini yo‘qotish maqsadida haydovchi jasadini chakalakzor ichiga tashlab ketadi. Avtomashinani Angren daryosi bo‘yiga haydab kelib, yukxonasi va tashqi tomonidagi qon dog‘lari, barmoq izlarini yuvadi va uni o‘zi vaqtincha yashayotgan uyga yaqin joyga tashlab ketadi.
Qo‘li qonga botgan M. Davlatov ijaraga joy bergan xonadon egalarini ham chuv tushiradi. Uy egasining qimmatbaho buyumlar va uch millionga yaqin naqd pulini o‘g‘irlaydi.
Shu yil M.Davlatov ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Tergov va sudda uning barcha kirdikorlari fosh etildi. Sud uni 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
Avvalroq, Samarqandda yer talashgan yigit pichoqlangani hamda Bulung‘urda mast erkak amakisini ketmon bilan jarohatlab, o‘ldirdirgani haqida xabar bergandik.
Munojat Valiyeva


