1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Ta'lim

Ixtisoslashtirlgan maktablar vazirlikdan “Prezident maktablari” tizimiga o‘tkaziladi

Kun tartibiga xtisoslashtirilgan maktablarga qabul, o‘quvchi va muallimlar bilimini baholash tizimini ham qayta ko‘rish masalasi qo‘yildi.

Ixtisoslashtirlgan maktablar vazirlikdan “Prezident maktablari” tizimiga o‘tkaziladi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-yanvar kuni maktablarda taʼlim-tarbiya sifatini oshirish, ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

 

Unda ixtisoslashtirilgan maktablar qamrovini kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

 

Davlat rahbari joriy  yil eksport miqdorini 14 milliard dollarga chiqarish rejada ekani  va 2025-yilga qadar mamlakat yalpi ichki mahsulotini 100 milliard dollarga, eksport hajmini 30 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgani xususida gapirdi. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkazilishi belgilandi.

 

– Bu Agentlikni faqat 14 ta maktab uchun tuzganimiz yo‘q. U Prezident maktablaridagi muhitni, metodikani boshqa maktablarga ham olib kirishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Yangi  o‘quv yilidan boshlab, Nukus shahri va viloyat markazlarida 2 ta, tuman va shaharlarda 1 tadan  maktab tanlab olinib, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkaziladigan bo‘ldi.

 

Unga ko‘ra, o‘sha hududda rivojlangan tarmoqlar, azaldan kuchli o‘qitilgan fanlarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi. Shu maqsadda ishchi guruh tuzib, hududlardagi sharoitlarni o‘rganish, tanlangan maktablarni yangi standartlar asosida o‘quv yiliga tayyorlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

 

Prezident taʼlim-tarbiya mazmuniga ham alohida eʼtibor qaratdi.

 

– Ixtisoslashtirilgan maktab degani 2 soat ko‘p dars o‘tish degani emas. Unda bolalar maxsus fan bo‘yicha to‘liq bilimga, keng dunyoqarashga ega bo‘lishi zarur. O‘quvchilarda milliy ruh, vatanparvarlik hissi baland bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.

 

Maktab taʼlimini rivojlantirishga mahalliy hokimliklar, universitetlar ham masʼul ekani, o‘zlari uchun istiqbolli kadrlar zaxirasini tayyorlab borishi zarurligi taʼkidlandi.

 

Taʼlim darajasi, avvalo, o‘qituvchining bilim va malakasiga bog‘liq. Shu bois ixtisoslashtirilgan maktablarga rahbar va pedagoglar ikki bosqichli tanlov asosida qabul qilinadi.

 

Prezident taʼlim muassasalari agentligiga ushbu tizim asosida yuqori malakali o‘qituvchilarni jamlab, qo‘shimcha o‘qitish, milliy va xalqaro sertifikatlar olishiga ko‘maklashish topshirildi.

 

Agentlikning Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi negizida ilmiy markaz tashkil etish vazifasi qo‘yildi. U ixtisoslashtirilgan maktablarning har bir yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro metodika asosida ilg‘or taʼlim dasturlari ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. 

 

Bu ishlarni samarali tashkil etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda Prezident taʼlim muassasalari agentligining hududiy bo‘limlari tashkil etilishi belgilandi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident taʼlim muassasalari agentligi 300 nafardan ziyod pedagoglarga xalqaro sertifikat taqdim etgani  hamda Nurafshonda Prezident maktabi ochilgani haqida xabar berilgandi.

 

Cho‘lponoy Ahmedova

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика