Unga ko‘ra, 2022–2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari hamda xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarini mobil aloqa qamrovi bilan taʼminlash reja-jadvali tasdiqlandi.
Shunga kelib chiqib, 2022-yil 1-yanvardan boshlab, Internetga keng polosali ulanish tarmoqlarini loyihalash va qurishda maʼmuriy binolar va ko‘p kvartirali uylarni kamida 1 Gbit/s o‘tkazuvchanlik qobiliyati bilan taʼminlash nazarda tutiladi. Taʼlim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash muassasalari va boshqa davlat tashkilotlarini ham kamida 100 Mbit/s o‘tkazuvchanlik qobiliyati bilan jihozlash tizimi ishlab chiqilmoqda.
2021-yil yakunigacha esa, barcha ichki ishlar organlari tayanch punktlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, jazoni ijro etish muassasalari, ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari xonalari, xalq taʼlimi muassasalari, davlat arxivlari va tashkilotlari Internet bilan taʼminlanadi.
Shuningdek, 2023-yilgacha yana bir qator ish rejalari amalga oshirilishi belgilandi. Jumladan:
xalqaro maʼlumotlar uzatish kanalining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 3,5 marotaba oshiriladi;
150 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurilish hisobiga maʼlumotlar uzatish tarmog‘i kengaytiriladi;
optik tolali aloqa liniyalari barcha aholi punktlariga yetkazilib, uy xo‘jaliklarining kamida 80 foizi Internetga keng polosali simli ulanish imkoniyati bilan taʼminlanadi.
Shuningdek, mavjud chegara o‘tish nuqtalari orqali “O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston”, “O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy” va “O‘zbekiston–Turkmaniston–Ozarbayjon–Turkiya” yo‘nalishlarida xalqaro magistral kanallar tashkil etiladi. Bundan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasida yangi ulanish va o‘zaro Internet trafigi almashinuvi nuqtalarini tashkil etish choralari ko‘riladi.
Avvalroq kelgusi besh yilda poytaxtda Internet tezligini 5 barobarga, raqamli xizmatlar hajmini 3 barobarga oshirish rejalashtirilganini haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


