So‘nggi kunlarda ayrim ommaviy axborot vositalarida Transparency International tashkilotining 2024-yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 180 ta davlat ichida 28 ball bilan 126-o‘rinni egallagani haqida asossiz va rasmiy manbalarga tayanilmagan xabarlar tarqatilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagilarni rasman ma’lum qiladi:
2024-yil 11-fevral kuni e’lon qilingan so‘nggi reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 32 ball bilan 121-o‘rinni egallagan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga (2023-yilga) nisbatan o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa-da, so‘nggi yetti yil ichida mamlakatimiz indeksda 37 pog‘onaga yuqorilagan.
Transparency International tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida ijobiy o‘sish qayd etgan 5 ta davlat (Gruziya, Moldova, Ukraina, Kosovo va O‘zbekiston) qatoridan joy olgan. So‘nggi besh yillikda mamlakat +7 ball, o‘n yillikda esa +13 ball ko‘rsatkichni qayd etgan.
Shuningdek, indeksda baholashda past qolgan yoki o‘zgarishsiz qolgan yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning reyting manbalari bilan bevosita hamkorlik o‘rnatilgan. Transparency International tavsiyalari asosida O‘zbekistonning indeksdagi o‘rnini yaxshilash uchun tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, bu borada maxsus “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan.
Quyidagi muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi:
- “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun;
- “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori.
Shuningdek, davlat xizmatchilarini “Halollik tekshiruvi”dan o‘tkazish, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining samaradorligini oshirish, shuningdek, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni huquqiy himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan Agentlik ommaviy axborot vositalari vakillarini O‘zbekistonning xalqaro imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan, rasmiy manbalar bilan tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka, axborotlarni aniqlik bilan talqin qilishga va jamoatchilikka xolis yondashuv asosida yetkazishga chaqiradi.
Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi soha bo‘yicha olib borilayotgan faoliyatni xolis va haqqoniy yoritishda OAV bilan ochiq va konstruktiv hamkorlikka doim tayyor ekanligini bildiradi.


