Malayziyada murakkab ahvolga tushib qolgan ikki nafar o‘zbekistonlik tez kunlarda yurtga qaytariladi. Bu haqda O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, ushbu insonparvarlik yordami mamlakatimizda 30-iyuldan 30-avgustgacha davom etayotgan “Vatanga qaytarish” aksiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Elchixona xodimlari Malayziya Ichki ishlar vazirligining Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazib, Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan M.YU. ismli vatandoshimizni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Uning pasporti bo‘lmagani sababli elchixona tomonidan “Vatanga qaytish guvohnomasi” rasmiylashtirib berildi va yaqinlarining ko‘magida “Kuala-Lumpur – Toshkent” yo‘nalishidagi aviachipta xarid qilindi. Shu bilan birga, Samarqand viloyatida tug‘ilgan J.M. ismli yana bir vatandoshimizga ham hujjatlar bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda ko‘mak berildi.
Diplomatik vakolatxona J.M.ga Malayziya Migratsiya departamentidan mamlakatni tark etish uchun ruxsatnoma olishda yordam ko‘rsatdi. Tez kunlarda ikki vatandoshimiz ham o‘z oilalari bag‘riga qaytib, O‘zbekistonda bo‘lishadi.


