NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashuvda Pekinni Rossiyaga Ukraina masalasida taʼsir o‘tkazishini so‘radi.
Bosh kotib bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida maʼlum qilgan. U Van I bilan Nyu-Yorkda, BMT Bosh assambleyasi doirasida uchrashgan.
“Men Xitoyni Ukrainadagi mojaroning tugallanishi uchun Rossiyaga taʼsir o‘tkazishga chaqirdim”, – degan Stoltenberg.
Tomonlar, shuningdek, Tayvan masalasini ham muhokama qilgan. Alyans yetakchisi NATOning global xavfsizlik bo‘yicha muloqotni davom ettirishga tayyorligini bildirgan.
Avvalroq Stoltenberg Ukraina mojarosining qachon tugashi nomaʼlumligini aytgandi.


