Bugun Kinematografiya agentligi tomonidan Kinochilar uyida 9-fevral o‘zbek mumtoz adabiyoti asoschisi Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan “Xasis baqqol” animatsion filmi premyera qilindi.
Ssenariy mualliflari Abdulatif Haydarov va Rustam Jabborov, rejissyor Abdulatif Haydarov, animator Dilshod Do‘stmuhammedov, kompozitor Toir Asqar, rassom Indira Tursimetova.
Mazkur multiplikatsiya buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonida keltirilgan hikoya asosida bo‘lib, qahramonlar shakl-shamoyili Sharq miniatyura sanʼati, xususan Kamoliddin Behzodning ijod namunalari asosida yaratilgan.
Premyeradan so‘ng, bolajonlar uchun bayram tabriklari tashkil etildi. Navoiy ijodidan namunalar aytildi. Faol ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Maʼlumot uchun: 14-fevral Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan Kinochilar uyida "Yo‘lbarsning tug‘ilishi" filmining namoyishlari o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbek multfilmi xalqaro festivalda ishtirok etgani hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya hamkorligida Xo‘ja Nasriddin haqida multfilm suratga olinishi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova tayyorladi.


