
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan anʼanaviy “Oltin Humo”- 2021 milliy kinotaqdimoti o‘tkaziladi. Saralash komissiyasi aʼzolari tomonidan tanlangan nomzodlar nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblik uchun daʼvogarlik qilishadi.
Kinematografiya agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, badiiy filmlar uchun ajratilgan jami 14 ta nominatsiyaning 13 tasida – "Eng yaxshi kompyuter grafikasi", "Eng yaxshi ovoz rejissyori", "Eng yaxshi grim rassomi", "Eng yaxshi montaj ishi", "Eng yaxshi libos bo‘yicha rassom ishi", "Eng yaxshi rassom ishi", "Eng yaxshi kino bastakori", "Eng yaxshi operatorlik ishi" , "Eng yaxshi rejissyorlik ishi", "Eng yaxshi ayol roli", "Eng yaxshi erkak roli", "Tomoshabin mehrini qozongan film" nominatsiyalarida “Ilhaq” badiiy filmi g‘oliblik uchun raqobatlashishadi.
"Oltin Humo" milliy kinotaqdimoti saralash komissiyasi aʼzolari tarkibi quyidagi mutaxassislardan iborat:
1. Isamat Ergashev – saralash komissiyasi raisi, kinorejissyor, aktyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi;
2. Shuhrat Mahmudov – kinorejissyor, Davlat mukofati sovrindori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi;
3. Baxtiyor Nazarov – rassom, dotsent, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sanʼat arbobi;
4. Oybek Kopadze – kinoshunos, sanʼatshunoslik fanlari doktori;
5. Mavzur Mahmudov – rejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi;
6. Baxtiyor Yakubov – kinoshunos, sanʼatshunoslik fanlari doktori (RND).
"Eng yaxshi ssenariy" nominatsiyasi g‘olibligi uchun daʼvogarlar:
1. “Ibrat” filmi uchun Nurillo Abbosxon, Abduqayum Yo‘ldoshev.
2. "Qor yog‘moqda oppoq qor..." filmi uchun Rixsivoy Muhammadjonov.
3. "Rangsiz tushlar" filmi uchun Umid Hamdamov.
4. "Imom Abu Iso Muhammad Termiziy" filmi uchun Abduhalil Mignarov.
5. “Avloniy” filmi uchun Tohir Malik, Muqaddas Usmonova.
Maʼlumot uchun: saralangan filmlar "Oltin Humo" milliy kinotaqdimotida 2019-yilning 1- yanvaridan 2020-yilning 31-dekabriga qadar (ikki yil davomida) premyerasi bo‘lib o‘tgan kinomahsulotlar orasidan tanlab olingan.
Eslatib o‘tamiz, nominatsiyalar g‘oliblari shu yilning 23-noyabr kuni "Oltin Humo" milliy kinotaqdimotining “Turkiston” sanʼat saroyida bo‘lib o‘tadigan tantanali marosimida aniqlanadi.
Avvalroq Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Vatan” kinostudiyasi “Chegara” badiiy filmini suratga olishni boshlagani, “Devyatayev” badiiy filmi kino ixlosmandlari eʼtiboriga havola qilingani hamda Toshkentda Butunrossiya kinematografiya instituti filiali ochilgani haqida xabar berilgandi.


