Kecha, 16-iyul kuni tunda Ukraina aviakompaniyasiga tegishli “Antonov” yuk samolyoti Gretsiya shimolidagi Kavala shahri yaqinida halokatga uchradi. Bu hqada mahalliy hokimiyatga tayanib, “Interfaks” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, samolyot Serbiyadan Iordaniyaga uchayotgan bo‘lgan. Gretsiya matbuotiga ko‘ra, bortda sakkiz kishi bo‘lgan va u 12 tonna o‘q-dorilarni olib ketayotgan edi.
Hodisadan biroz oldin uchuvchi dvigatellardan birida nosozliklar haqida xabar bergan. Unga Kavala ayeroportiga qo‘nishga ruxsat berilgan, biroq samolyot ayerodromdan 40 km uzoqlikda qulagan.
Ehtiyot chorasi sifatida halokat joyiga yaqin aholiga derazalarini yopiq holda saqlash va niqob taqish tavsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Xitoy janubida bortida 100 dan ortiq yo‘lovchisi bor samolyot halokatga uchragani xabar qilingandi.


