Ozarbayjonda Rossiya ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha madaniy tadbirlar bekor qilindi. Bu haqda mamlakat Madaniyat vazirligiga tayanib “Azertaj” agentligi xabar berdi.
Qaror 27-iyun kuni Yekaterinburgda 50 dan ortiq ozarbayjonlikning hibsga olinishi ortidan qabul qilindi. Ushbu tadbirlar qatoriga konsert, festival, spektakl va ko‘rgazmalar kiradi.
Rasmiy bayonotda aytilishicha, Rossiya huquq-tartibot organlari etnik ozarbayjonliklarga nisbatan namoyishkorona va zo‘ravon harakatlar sodir etgan. Ozarbayjon TIV bunga norozilik bildirib, Rossiya elchixonasi vakilini chaqirtirgan.
Yekaterinburgda bo‘lib o‘tgan reydlar 2001-yilgi qotillik va 2010–2011-yillardagi jinoyatlar bilan bog‘liq. Ushbu ish bo‘yicha asosiy gumondorlar — Guseyn va Ziyoddin Safarovlar hibsga olinayotgan paytda vafot etgan.


