O‘zbekiston hukumati Kaspiy dengizi bo‘ylab yuk tashish quvvatlarini oshirish maqsadida yangi parom kemalarini xarid qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda transport vaziri Ilhom Maxkamov ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon va Turkmanistondagi kemasozlik zavodlarida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy paromlar mamlakatimiz uchun dolzarb bo‘lgan logistika ehtiyojlarini qoplash imkonini beradi. Ular Kaspiy orqali yuk tashish tizimini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirishga qaratilgan bir qator muhim takliflarni ilgari surdi. Jumladan, Boku va Turkmanboshi portlarini modernizatsiya qilish, yagona tarif siyosatini ishlab chiqish, transport jarayonlarini raqamlashtirish va zamonaviy logistika infratuzilmasini barpo etish shular jumlasidan.
Davlat rahbari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun yuk tashish xarajatlarini kamaytirish, eng qisqa va samarali yo‘nalishlar orqali asosiy bozorlarga chiqishni ta’minlash bo‘yicha hamkorlarga hamkorlikda ishlashga tayyor ekanini ta’kidladi.


