
Qayd etilishicha, gazeta muxbiri Ali al-Hasaniy tomonidan tayyorlangan materialda joriy yilning 24-oktabr kuni O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Prezident saylovi kampaniyasining borishi, mamlakatda va xorijdagi vakolatxonalar huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish uchun yaratilayotgan sharoitlar va nomzodlar haqida batafsil axborot berilgan.
O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident saylovi kampaniyasi borasida muntazam maʼlumotlar berib borilmoqda.
Maqolada davlat rahbarligiga O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan partiya raisi Alisher Qodirov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy Kengashi raisi Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblamurodov nomzodlari ilgari surilgani qayd etilgan.
"Prezident saylovida qatnashish va uning o‘tkazilishini kuzatib borish uchun mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan muvofiqlashtirish amalga oshirildi. Hozirgacha O‘zbekistonda bu yilgi saylovlarni yoritish uchun 930 dan ortiq mahalliy va xorijiy OAV vakillari ro‘yxatga olingan", — deb yozadi "Asdaa Omon" gazetasi.
Nashr o‘z o‘quvchilarini O‘zbekiston saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar bilan ham tanishtirgan.
"O‘zbekiston Senati Prezident saylovini o‘tkazish sanasi bo‘yicha qonunga o‘zgartirish kiritishni maʼqulladi va unga muvofiq, dekabr oyidan oktabr oyiga ko‘chirildi", — deb taʼkidlaydi muallif.
Avvalroq saylov byulletenining shakli va matni tasdiqlangandi, Prezident saylovi jarayonlariga Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya xodimlari jalb etilgani, saylov byulletenlarini Brayl alifbosida tayyorlash taklif qilingani, MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov prezident saylovlarida qatnashadigan nomzodlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan talablarda o‘zgarish yo‘qligi xabar qilingandi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda koronavirusdan davolanayotganlar prezident saylovida qanday ishtirok etishi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun 14 ta saylov okrugi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingani haqida xabar berilgandi.


