O‘zbekistonda hayvonlar salomatligini taʼminlash hamda xavfli yuqumli kasalliklarning mamlakat hududiga kirib kelishini oldini olish maqsadida muhim cheklov chorasi joriy etildi.
Respublika bosh davlat veterinariya inspektori qaroriga muvofiq, Hindistonda Nipah virusi tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat keskinlashgani sababli ushbu davlatdan tirik hayvonlar va parrandalarni, shuningdek, G‘arbiy Bengaliya shtatidan barcha turdagi chorvachilik mahsulotlarini import qilish vaqtincha cheklab qo‘yildi. Mazkur cheklovlar 29-yanvardan boshlab kuchga kirdi.
Hujjatga ko‘ra, G‘arbiy Bengaliya hududidan tartibga solinadigan mahsulotlarni olib kirish, xalqaro tranzit holatlari bundan mustasno, to‘liq taqiqlangan.
Hududiy veterinariya xizmatlari hamda chegara nazorati organlariga cheklovlarga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi yuklatildi. Shu bilan birga, veterinariya xizmati Hindistonning epizootik jihatdan xavfsiz hududlaridan mahsulot import qilish masalasini har bir holat bo‘yicha alohida ko‘rib chiqish huquqini saqlab qoladi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, Nipah virusi hayvonlardan odamlarga yuqadigan xavfli zoonotik infeksiya hisoblanadi hamda og‘ir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar virusning O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan.
Eslatib o'tamiz, avvalroq, Qirgʻiziston Hindistondan hayvonlar importini vaqtincha toʻxtatgan edi.


