AQSH va Xitoy o‘rtasidagi kelishmovchiliklar qator global muammolarning hal etilishini imkonsiz ishga aylantirmoqda. Bu haqda Singapur bosh vaziri Li Syan Lun millatga yillik murojaatnomasida aytib o‘tdi.
“Dunyo siyosatiga asosiy taʼsir o‘tkazadigan AQSH-Xitoy munosabatlari yomonlashmoqda. Ikki davlat qator masalalarda kelisha olmayapti. Gap raqobat qilayotgan mafkuralar, davlat tuzumlari, Xitoyning dunyoda o‘sib borayotgan mavqei, shuningdek, qator boshqa muammolar, xususan, savdo bahslari, kibershpionaj, Janubiy Xitoy dengizi, Gonkong haqida ketmoqda. Ammo eng asosiy muammo — Tayvan atrofidagi masalaning keskinlashishi”, – degan siyosatchi.
Uning fikricha, Vashington va Pekin qator global muammolar, jumladan, iqlim o‘zgarishi, pandemiya va yadro qurolining tarqalishi muammolarini birgalikda hal qilishi kerak.
“Ammo ularning tarang munosabatlari buni amalda imkonsiz qilmoqda. Bu butun dunyo uchun yomon xabar”, – deb qo‘shimcha qilgan siyosatchi.
Avvalroq Xitoy AQSHni Tayvan masalasida provokatsiyada ayblagandi.


