Pokiston bosh vaziri Imron Xon unga nisbatan ishonchsizlik votumi eʼlon qilingan taqdirda, yangi hukumatni tan olmasligini bildirdi. Bu haqda u millatga murojaat paytida maʼlum qilgan.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, ishonchsizlik votumi ortidan mamlakatda hokimiyat tepasiga “import hukumat” kelishi xavfi bor.
“Men buni tan olmayman”, – degan u.
Shu bilan birga Imron Xon uning isteʼfoga chiqarilishiga bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rilgan. U bunda G‘arbni ayblagan.
Shuningdek, siyosatchi fuqarolarni 10 aprel kuni umummilliy tinch norozilik namoyishlarida ishtirok etishga chaqirgan.
“Siz mustaqillikni saqlab qolishingiz kerak. Bu sizning burchingiz”, – deb qo‘shimcha qilgan u.
Maʼlumot o‘rnida: 8 mart kuni Pokiston muxolifati Imron Xonga ishonchsizlik votumi eʼlon qilishga urinib ko‘rdi. Ular bosh vazirni mamlakat iqtisodiyotini yaxshilay olmaslik va korrupsiyada ayblagan.
3 aprel kuni Pokiston parlamenti vitse-spikeri Qosim Suri ishonchsizlik votumi konstitutsiyaga zid ekanini maʼlum qilgan. Shu kuni mamlakat prezidenti Orif Alvi parlamentni tarqatib yubordi. 7 aprel kuni esa Pokiston Oliy sudi parlamentning tarqatib yuborilishi konstitutsiya normalariga qarshi ekanini taʼkidladi va uni qayta tiklash to‘g‘risida qaror chiqardi.
Avvalroq Imron Xon Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilishdan bosh tortgandi.


