Vashington Kiyevga taqdim etayotgan ayrim turdagi qurollari haqida maʼlumot bermayotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Politico gazetasi xabar berdi.
“Vashingtonda AQSH Kiyevga administratsiya eʼlon qilganidan ko‘proq yordam bergani to‘g‘risida taxminlar yuribdi”, – deyiladi xabarda.
Xususan, bunga misol qilib Pentagon oliy martabali amaldorining Ukrainaga HARM radiolokatsiyaga qarshi raketasini yetkazib bergani haqidagi bayonoti keltirilgan. Qo‘shma Shtatlar uzoq vaqt bu haqda hech qanday maʼlumot bermagan.
“Biz ilk bor ushbu raketa yetkazib berilayotgani haqida rasmiy maʼlumot berganimizda u haqida aniq gapirmaganmiz. Uni radiolokatsion xususiyatlarga ega qurol deb ataganmiz”, – degan amaldor.
Bundan tashqari, Politico administratsiya Ukrainaga ATACMS ballistik raketalar yetkazib bergan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Gazetaning xabar berishicha, o‘tgan hafta oxirida eʼlon qilingan harbiy yordam paketida Excalibur boshqariladigan artilleriya snaryadlari o‘rin olgan. Ular haqida ham Pentagon bayonotlarida gapirilmagan.
Avvalroq Ukrainaga eng ko‘p yordam ko‘rsatgan davlatlar to‘g‘risida maʼlumot berilgandi.


